Xalqaro velosipedchilar ittifoqi prezidenti boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrif buyurdi

21 dekabr kuni Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) prezidenti David Laparte boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi.

Toshkentga safar davomida Lapartega Osiyo velosport konfederatsiyasi prezidenti Usama Ahmad Abdulloh al Shafar hamrohlik qildi. Delegatsiya tarkibida, shuningdek, UCI Xalqaro munosabatlar bo‘limi boshlig‘i Guillame Majore, UCIning shosse velosporti bo‘yicha komissiyasi a’zosi, Yevropa velosipedchilar ittifoqi vitse-prezidenti Aleksandr Gusyatnikov, UCIning xalqaro munosabatlar bo‘limi mutaxassisi, Ozarbayjon velosport federatsiyasi bosh kotibi Farhod Aliyev, Qozog‘iston velosport federatsiyasi bosh kotibi Tulpar Mansurov, ushbu federatsiya vitse-prezidenti, «Astana» prezident sport klubi ijrochi direktori Amanbek Kulchikov ham bor.
MOQ muzokaralar zalida o‘tgan muzokaralarda Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Alisher Sultonov, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov va O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Kozim O‘rinboyxo‘jayev ishtirok etishdi.
A.Sultonov mehmonlarni qutlar ekan, velosport O‘zbekistonda eng ommaviy sport turlaridan biri ekanligiga alohida urg‘u berib o‘tdi. Milliy olimpiya qo‘mitasi Xalqaro velosipedchilar ittifoqi bilan aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlik rishtalarini rivojlantirishga har tomonlama tayyor ekanligini ta’kidladi. Velosport aholini ommaviy tarzda sportga jalb etish masalasida juda qulay va samarali vosita ekanligini bildirdi.
O‘z navbatida, D.Laparte samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor qilar ekan, milliy federatsiyalar bilan aloqalarni mustahkamlash Xalqaro velosipedchilar ittifoqi uchun ham juda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi. Bu borada velosportning barcha yo‘nalishlarida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga va mamlakatimizda sportning ushbu turini yanada ommalashtirish va rivoj­lantirish maslalarida yordam berishga tayyorligini izhor qildi.
Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi R.Qurbonov O‘zbekistonda sportga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilishi, mamlakatimiz ajo­yib sport infratuzilmasiga ega ekanligi va yurtimizda nufuzli xalqaro musobaqalarni o‘tkazish uchun barcha sharoitlar borligi xususida gapirdi.
Uchrashuv davomida 2018 yilda Toshkent velotrekida Osiyo kubogi, 2019 yilda esa shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatini o‘tkazish, Prezidentimizning «Chorvoq» erkin turistik zonasini yaratish to‘g‘risidagi qaroriga asosan «Tour de Charwak Lake» xalqaro velopoygasi o‘tkazilishi masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Olimpiya turi hisoblangan BMX va «Mauntinbayk» yo‘nalishlarida sportchi va murabbiylarning tajribasini oshirish maqsadida Toshkent viloyati hududida mazkur turlar uchun sport kompleksini (velodrom) qurishda amaliy yordam berishga kelishib olindi. O‘z navbatida, Xalqaro velosipedchilar ittifoqi va Osiyo velosiped sporti konfederatsiyasi mutasaddilari qaytadan tashkil qilingan «Tashkent City» mintaqaviy velosiped klubining turli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishini ta’minlash va amaliy yordam berishni qo‘shimcha qilishdi.
Shunday qilib, «Tashkent City» mintaqaviy velosiped klubi 2018 yili dunyoning sakkizta davlatida shosse va trek yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tadigan 14 nufuzli musobaqada qatnashadigan bo‘ldi.
Xalqaro velosipedchilar ittifoqi, Osiyo velosiped sporti konfederatsiyasi va O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
David Lapartening yurtimizga tashrifi O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi va Xalqaro velosipedchilar ittifoqi o‘rtasida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, mamlakatimizda sportning ushbu turini yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Qaysi sportchining muhlisisiz? (74)
2018 yil - faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha HARAKATLAR STRATEGIYASI

Saytning oxirgi yangilanishi:
25.04.2018 | 15:13

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169