Yangi yil yangi zafarlar yili bo‘lsin!

Mana, kurrai zaminimizga yangi 2018 yil tashrif buyurdi. Ortda qolgan 2017 yil mamlakatimiz tarixida unutilmas voqealarga boy bo‘ldi desak, adashmaymiz. Eng avvalo, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 15 fevraldagi farmoni bilan Madaniyat va sport ishlari vazirligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil qilindi. Bu farmon sportga e’tibor kuchaytirilganidan, sohaga g‘amxo‘rlikdan dalolat deyish mumkin.
2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining qo‘mita faoliyatiga oid bir qator hujjatlari qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bitta farmoni, 9 ta qarori va 4 ta farmoyishi, hukumatning 8 ta qarori va 235 ta farmoyishi imzolandi.
Vazirlar Mahkamasining qo‘mita faoliyatini tartibga soluvchi 6 ta qarori va 68 ta normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, 13 ta idoraviy normativ-huquqiy xujjatlar qayta ishlab chiqilib, tasdiqdan o‘tkazildi.
2017 yil 3 iyun kuni muhtaram prezidentimiz tomonidan qabul qilingan «Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda ommaviy sportni rivojlantirishga, joylarda sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoit yaratishga, aholining turli qatlamlarini, bolalar va kattalar, ayniqsa qizlar va ayollarni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratildi.
2017 yilda respublika bo‘yicha muntazam sport bilan shug‘ullanuvchilar soni jami 2 mln. 473 ming 327 nafarni, shundan 1 mln. 102 ming 96 nafarini qizlar tashkil etdi.
O‘tkazilgan 10 mingdan ziyod ommaviy sport tadbiri va musobaqalarda jami 1,6 mln. nafar ishtirokchi qatnashdi va ulardan 807 mingini qizlar tashkil qildi.
Xalq ta’limi vazirligi, Mudofaa vazirligi, O‘rta maxsus ta’lim markazi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kengashi, “Vatanparvar” tashkiloti hamda boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda jami 9 mingga yaqin sport musobaqalari va tadbirlari o‘tkazildi.
Voyaga yetmaganlar bilan o‘tkazilgan 10 minga yaqin sport musobaqalarida jami 1,4 mln. nafar voyaga yetmagan yoshlar ishtirok etdi, ulardan 673 mingi qizlardir.
2017-2021 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish uchun 995,2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi, sport maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida jami 167 ta sport inshooti, jumladan 90 ta sport majmuasi va 77 ta suzish havzasini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda jihozlash va qayta jihozlash nazarda tutilgan. Ushbu ishlar uchun 706,2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.
Milliy terma jamoalar a’zolarini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida sport turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktablari, ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarining shtat jadvaliga "Sportchi" lavozimi joriy etildi.
Umumta’lim, bolalar-o‘smirlar sport maktablari tarbiyalanuvchilari orasidan iqtidorlilarini saralash (seleksiya) ishlarini sifatli o‘tkazish maqsadida “Sport to‘garagi va seleksiya bo‘yicha trener” lavozimi joriy qilindi.
Buning natijasida 278 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Prezidentimizning 2017 yil 10 avgustdagi “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularni trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mustaqillik yillarida ilk bor Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘olib hamda sovrindorlariga (54 nafar) umrbod oylik to‘lovlarini to‘lash joriy etildi.
2017 yilda sport turlari bo‘yicha 274 ta nufuzli musobaqaga (jahon, Osiyo chempionatlari, kuboklari, xalqaro turnirlar) 3039 nafar sportchi yuborildi va 511 ta oltin, 418 ta kumush va 575 ta bronza, jami 1 504 ta medal qo‘lga kiritildi.
Muhtaram prezidentimiz tomonidan imzolangan “Yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Qisqa fursatda bu borada ham sezilarli yutuqlar qo‘lga kiritilayotgani tahsinga loyiq. Jumladan, tarixda ilk marotaba ot sporti bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston vakili sovrindor bo‘ldi. Yangi yil arafasida yana bir quvonchli xabar keldi – sportchimiz Abdushukur Sobirjonov yangi 2018 yili Argentinada o‘tadigan o‘smirlar olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Umuman olganda, Buenos-Ayres shahrida tashkil etiladigan III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida qatnashish uchun hozirga qadar jami 7 ta, jumladan og‘ir atletika bo‘yicha 3 ta, eshkak eshish bo‘yicha 3 ta va ot sporti bo‘yicha bitta litsenziya qo‘lga kiritildi. Oldinda yana saralash musobaqalari bor va sportchilarimizning yo‘llanmalari ko‘payadi degan umiddamiz.
O‘zbekiston sport delegatsiyasi 2017 yil may oyida Boku shahrida o‘tkazilgan IV “Islom birdamligi o‘yinlari”da jami 63 ta, sentyabr oyida Ashxobodda o‘tkazilgan yopiq sport inshootlarida va jang san’ati bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarida 131 ta medalni qo‘lga kiritildi.
Boks bo‘yicha Osiyo chempionatida yurtdoshlarimiz 10 ta vazndan 9tasida oltin medalni qo‘lga kiritishdi. Jahon chempionatida Shaxram G‘iyosov chempion, Hasanboy Do‘smatov, Jasurbek Latipov, Iqboljon Xoldorovlar vitse-chempion, Bektemir Meliqo‘ziyev, Sanjar Tursunov bronza medali bilan taqdirlandi hamda termamiz vakillari umumjamoa hisobida dunyoda ikkinchi o‘rinni egallashdi. Shaxram G‘iyosov AIBA tomonidan “Yil bokschisi”, O‘zbekiston boks federatsiyasi Osiyoda “Yilning eng yaxshi federatsiyasi” deb tan olindi.
AQShning Anaxaym shahrida o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha 83-jahon chempionatida Doston Yoqubov oltin medal, Farhodbek Sobirov va Ivan Yefremov kumush, Ahmadjon Ergashev bronza, o‘zbekistonlik og‘ir atletikachilar jami 5 ta medalni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz tarixida birinchi marta dunyoda umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egalladi.
Muhtaram prezidentimiz so‘ng­gi yillarda aksariyat hollarda yuksak g‘alabalarga faqat ayrim sport turlari vakillarigina – bokschi, og‘ir atletikachi, dzyudochi va kurashchilar erishayotganini aytib, boshqa sport turlarida ham natijalarni yaxshilash zarurligiga e’tibor qaratdilar. Biz bu borada ham keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishga harakat qilmoqdamiz va dastlabki muvaffaqiyatlarga erishganimizni aytishim darkor.
Masalan, Ashxoboddagi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan 3x3 basketbol turnirida qizlarimiz finalga chiqib, kumush medal bilan taqdirlanishdi. Gandbolchi yoshlarimiz va qizlarimiz xalqaro musobaqalarda zafar qucha boshlashdi. Suzish, suvga sakrash, sinxron suzish, suv polosi kabi suv sporti turlari bo‘yicha Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar jami 14 ta oltin, 17 ta kumush, 21 ta bronza – jami 52 ta medal bilan mukofotlangani barchamizni quvontirdi.
Darvoqe, qo‘mitamiz tasarrufidagi tashkilot va muassasalar sport mashg‘ulotlari jarayonini metodik ta’minlash yuzasidan ishlarni faollashtirishmoqda. Misol sifatida maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarni suzishga o‘rgatish uslublari haqida yangi o‘quv qo‘llanmani keltirish mumkin. Biz bolalardan to katta yoshdagilarning sport bilan yaqindan oshno bo‘lishlari uchun tavsiyanomalarni ishlab chiqishni diqqat markazimizda tutamiz.
Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbuslari bilan sport ta’lim muassasalari faoliyatini tubdan yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, Jismoniy tarbiya instituti Chirchiq shahriga ko‘chirildi va hozirgi kunda zamonaviy bazaga ega bo‘lishi, eng yuksak talablarga javob bera oladigan laboratoriyalar bilan ta’minlanishi bo‘yicha ish olib borilmoqda. Hozirgi innovatsion g‘oyalar, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan o‘quv-mashg‘ulot jarayonlari ertangi yuksak g‘alabalarga poydevor bo‘lishini inobatga olishimiz shart.
Olimpiya zahiralari kollejlari va bolalar-o‘smirlar sport maktablari ishini tubdan yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, joylarda sport tadbirlarini tashkil etish va yangi iqtidorlarni kashf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘z navbatida, qo‘mitamiz tashkil etilgandan boshlab sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari, terma jamoalar faoliyati tanqidiy tahlil qilib chiqildi, Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda 7 ta federatsiya rahbar tarkibi yangilandi, 10dan ziyod terma jamoa bosh murabbiylari almashtirildi. Bu boradagi tanqidiy-tahliliy ishlar yangi 2018 yilda ham davom ettiriladi.
Yangi yilda bizni muhim vazifalar va yirik musobaqalar kutib turibdi. “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da va sportni rivojlantirish borasida tadbirkorlar bilan hamkorlikni kengaytirish yuzasidan maxsus dastur ishlab chiqilmoqda. Innovatsion g‘oyalar va texnologiyalardan foydalanishga yanada katta e’tibor qaratamiz. Bu borada Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya va boshqa bir qator mamlakatlardagi hamkasblarimiz bilan aloqalarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish harakatidamiz.
Yangi yildagi yirik musobaqalar haqida so‘zlaganda, eng avvalo, fevral oyida Janubiy Koreyaning Pyongchang shahrida bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlarida 3 nafar sportchimiz yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Xabaringiz bor, futbolimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yozda Rossiyada o‘tkaziladigan jahon chempionatida Ravshan Ermatov final bosqichlarida uchrashuvlarni boshqarish bo‘yicha yangi rekordlarni o‘rnatib, yurtimiz nomini yana bir bor xalqaro arenalarda yuqori ko‘tarishiga umid bildirib qolamiz!
Shuningdek, Argentinada bo‘ladigan III o‘smirlar Olimpiadasida ham yosh sportchilarimiz o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadilar.
Yilning eng muhim musobaqasi – Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlarida terma jamoamiz katta delegatsiya bilan ishtirok etishi kutilmoqda. Ana shu anjumanda yurtdoshlarimiz peshqadamlar safida bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.
Yangi yildagi musobaqalar 2020 yili Tokioda o‘tadigan navbatdagi yozgi olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.
Mamlakatimizda ommaviy va professional sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida yangi va yangi inshootlar barpo etilmoqda. Masalan, Toshkentda va viloyatlarda qishki sport turlari uchun komplekslar barpo etilmoqda. Olimpiya sport turlari bo‘yicha zamonaviy bazalar foydalanishga topshirilmoqda. Yaqinda mintaqada yagona yengil atlektika bazasi sportchilar ixtiyoriga berildi. Sport bilan shug‘ullanuvchilar safi yanada kengayib, seleksionerlarimiz ular orasidan yangi iste’dod sohiblarini tanlab olishadi, yigit va qizlarimiz turli musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishadi deb ishonamiz.
Fursatdan foydalanib, yangi yil bilan yana bir tabriklashga, eng ezgu tilaklarimizni izhor qilishga ijozat bergaysiz. Yangi yil yangi va yorqin g‘alabalar yili bo‘lsin!
 
 
                                                                                                                                                                                              Rustambek Qurbonov,
                                                                                                                                                O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport
                                                                                                                                                                                                       davlat qo‘mitasi raisi

Qaysi sportchining muhlisisiz? (74)
2018 yil - faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha HARAKATLAR STRATEGIYASI

Saytning oxirgi yangilanishi:
25.04.2018 | 15:13

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169